«Turonbank» aksiyadorlik tijorat bankida buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludi munosabati bilan “Sohibqiron Amir Temur-buyuk sarkarda va davlat arbobi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Departament direktorlari va mustaqil boshqarma boshliqlari, shuningdek, Respublika apparati, Markaziy amaliyot boshqarmasi xodimlari qatnashdilar. Ma’ruzachi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimlari, temurshunos va boburshunos olimlar Sultonov Komiljon Arslonovich, Yuldashev Botirali Urolovich va Imomov Xurshid Xudoyqulovichlar taklif etildilar.

Mazkur olimlar tomonidan davlat arbobi Amir Temurning hayoti va faoliyati haqida juda qiziqarli ma’lumotlar berildi. Amir Temurning harbiy yurishlari, urush vaqtida qo‘llagan taktikasi, oilasi, Chingiziylar bilan munosabati hamda “Temur tuzuklari” haqida gapirib, asardan misol tariqasida parchalar aytib berdilar. Ushbu asar bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan bo‘lib, bu esa asarning qimmatini belgilashda muhim ahamiyatga egadir. Asar har bir inson egallashi lozim bo‘lgan go‘zal hulq, yuksak ma’naviyat mezonlari haqida atroflicha ma’lumot beradi. Shu fazilatlar inson qalbini tug‘yon va isyondan saqlaydi, unga huzur va halovat baxsh etadi, hulqini go‘zal qiladi, bardoshini oshiradi. Irodasining baquvvat bo‘lishiga ko‘maklashadi.

Amir Temur hayoti va faoliyati shu kunga qadar juda ko‘p olimlar tomonidan o‘rganib kelinganligi, u haqida yuzlab kitoblar yozilganligi haqida gapirdilar. Shuningdek, tinglovchilarga yozuvchi Xurshid Davronning juda qiziqarli va sodda tilda bayon etilgan, tarixiy voqelik asosida yozilgan “Sohibqiron nabirasi” hamda “Samarqand hayoli” nomli kitoblarini mutolaa etishni tavsiya etdilar.

Bank xodimlari mehmonlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdilar.

Tadbir yakunida Xodimlar bilan ishlash departamenti direktori taklif qilingan mehmonlarga qimmatli vaqtini ayamay bankimizga tashrif buyurgani uchun chuqur minnatdorchiligini bildirib o‘tdi hamda bank logotipili kichik sovg‘alar topshirildi. Mehmonlar ham taklif uchun yana bir bora minnatdorchilik bildirib, barcha xodimlarining kelgusi ishlariga omad va zafarlar tiladilar.