Avvalambor barchangizni bugungi ayyom - O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining o‘ttiz to‘rt yilligi va 21-oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy muborakbod etaman!

Til - bu insoniyatga taqdim etilgan buyuk ne’matdir! U xalq tarixi, ruhiyati va o‘zligini ifodalaydi. O‘zbek tili - betakror madaniy-ma’rifiy boyliklarimiz hamda milliy qadriyatlarimiz gultojidir.

 Bugungi kunda o‘zbek tili dunyo arenalarida ham yangramoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyalarida ishtiroki davomida aynan o‘zbek tilida nutq so‘zlayotgani, butun dunyo o‘zbek tili bilan tanishib borayotgani har birimizda faxr tuyg‘usini uyg‘otadi.

O‘zbek tilining naqadar serjilo ekanligini namoyon etish har bir O‘zbekiston fuqarosining vazifasi deb bilaman. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, inson uchun kindik qoni tomgan Vatani, dunyoga keltirib voyaga yetkazgan ota-onasi qanchalik aziz va mukarram bo‘lsa, uning o‘zligi va ma’naviy olamini belgilaydigan ona tili ham shunchalik qadrli va mo‘’tabardir.

 Nafaqat mamlakatimizda balki xorijiy davlatlarda ham ona tilimiz bo‘lgan o‘zbek tilini asrab-avaylashdek sharafli ishga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan vatandoshlarimizga cheksiz hurmatim va tashakkurimni izhor etmoqchiman.

 Go‘zal va betakror ona tilimizning ziyosi qalblarimizni hamda tafakkurimizni yoritib tursin.

 Barchamizga O‘zbek tili bayrami kuni qutlug‘ bo‘lsin!

Hurmat ila “Turonbank” ATB
Boshqaruv Raisi

Mirzayev Chori Sadibaqosovich!