Mahalliy xomashyodan eksportbop mahsulot!

Mamlakatning eksport salohiyatini kengaytirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirib, byudjetga moliyaviy tushumlarni oshirish ko‘pincha meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar eksporti bilan bog‘liq bo‘ladi. Bunda esa lalmi yerlardan foydalanishni rag‘batlantirish va samaradorligini yana-da oshirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish hisobiga zamonaviy plantatsiyalarini barpo qilish muhim ahamiyatga egadir.

1.png

Buning natijasi o‘laroq, hududlarda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilib, minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi, aholining daromadlari ko‘payib, yashashga, yangilik yaratishga bo‘lgan ishtiyoqi oshadi. Mana shunday ezgu maqsadlarni faoliyatining asosiy mezoniga aylantirgan “Turonbank” ATB bu borada samarali mehnat qilayotgan ishbilarmonlarni o‘zining moliyaviy xizmatlari bilan qo‘llab – quvvatlab kelmoqda.

4.png

Bunga misol qilib, Toshkent viloyatida joylashgan “Rayskiye frukti” MChJni keltirishimiz mumkin. Moliya muassasasining “Zangiota” filiali tomonidan amalga oshirilgan 1,4 mln dollarlik investitsiya loyiha evaziga korxona pista, yeryong‘oq, bodom kabi bir qator qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tozalash, qovurish, quritish va qadoqlash ishlarini bajarishga mo‘ljallangan  zamonaviy texnologiyalarni Xitoy, Turkiya, Rossiya davlatlaridan olib keldi. “Meva–sabzavotchilik tarmog‘ini rivojlantirish va uni qo‘shimcha moliyalashtirish loyihasi” doirasida faoliyat yo‘lga kuyilishi bilan shu turdagi tovarlar importiga bo‘lgan talab bir muncha qisqarib, mahsulot tayyorlash quvvati ikki million tonnaga yetdi. 40 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Buning natijasida mahalliylashtirilgan sifatli va mazali mahsulotlar ayni payt ko‘rkam qadoqda bozorlarimizdagi peshtaxtalarni bezatib turibdi.

6.png

Muhtaram Prezidentimizning tadbirkorlarni qo‘llab – quvvatlash borasida qabul qilgan ko‘plab qaror va farmonlaridan ruhlangan holda va “Turonbank” ATBning imtiyozlari evaziga biz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sexini ishga tushirdik. Jarayonni butunlay zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minladik. Ayni payt Rossiya va Xitoyga eksportni amalga oshirmoqdamiz dedi “Rayskiye frukti” MChJ rahbari Abror Xushnazarov.

3.png

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, mahalliylashtirish dasturlari milliy eksportning raqobatdoshligini ta’minlashga doir choralar bilan uyg‘un ravishda amalga oshirilishi kerak.