Imtiyozli kreditning samarasi Jizzax ipaklarini jahon bozoriga olib chiqdi!

Davlatimiz rahbari hududlarga amalga oshirgan tashriflari chog‘ida doimo iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish katta ahamiyatga ega ekanligini takror va takror aytib, davlat va jamoat tashkilotlari, moliya muassasalari zimmasiga qator vazifalarni yuklaydilar. Sababi, bu rivojlanish eng yuqori nuqtaga yetayotgan bugungi davrning g‘oyat muhim talabidir. Ushbu chaqiriqlarga mas’uliyat bilan e’tibor qaratib, yondashuvning yangicha uslubini tanlagan “Turonbank” ATB investision loyihalarni amalga oshirish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorga olib chiqish, biznes-kooperatsiyani kuchaytirish bilan bog‘liq masalalarga sifatli moliyaviy ko‘mak bermoqda. Ayniqsa, hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilayotgan yirik loyihalar misolida.

 1.jpg

Qadimdan sharq va g‘arbni bog‘lovchi Buyuk ipak yo‘lining muhim manzili bo‘lgan Jizzax viloyati ayni payt mana shunday keng qamrovli islohotlarning markaziga aylandi. U yerda xorijlik investorlar bilan hamkorlikda zamonaviy ko‘rinishdagi, yuqori quvvatga ega texnologiyalar bilan ta’minlangan zavodlar qad roslamoqda. Xususan, ipak yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan "Silk Expert processing” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasini shular jumlasida keltirishimiz mumkin. Loyihaning umumiy qiymati 5 million dollar bo‘lib, korxona yiliga 144 tonna quruq pillani qayta ishlash quvvatiga egadir. Bu ko‘rsatkichni 2021-yilga borib 576 tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, yiliga 374 tonna xom pilla ham qayta ishlanadi. 2021-yilga borib bu quvvat 1,5 ming tonnaga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Mana shunday muvaffaqiyatli faoliyatni yo‘lga qo‘yishda esa “Turonbank” ATB tomonidan ajratilgan 5,5 mlrd. so‘mlik imtiyozli kreditning o‘rni ham ahamiyatli bo‘ldi. Sababi, ayni shu moliyaviy ko‘mak evaziga ishlab chiqarish zavodi butunlay qaytadan rekonstruksiya qilinib, zamonaviy texnologiyalar olib kelindi va ishlab chiqarish jarayoni tamomila yangi ko‘rinish oldi. Korxona vakillarining so‘zlariga ko‘ra, buning natijasida ayni payt kuniga 100 kg xom ipak mahsuloti ishlab chiqarilib, sifati jahon standartlariga to‘liq javob bermoqda.

Korxonamiz o‘zining faoliyatini 2018 – yilda boshlagan va hozirga qadar 120 nafar doimiy va 4 ming nafar mavsumiy ishchilar bilan shartnoma tuzilgan. Korxonamiz hozirda xom ipak mahsulotini ishlab chiqaradi. Kelgusidagi rejalarimiz Yevropadan mato ishlab chiqaruvchi uskunalarni olib kelish va o‘rnatish. O‘ylaymanki, bu borada ham bank bilan hamkorlikni davom ettiramiz.

3.jpg

Hozirda biz o‘z mahsulotlarimizni Eron, Pokiston, Hindiston va Vetnam davlatlariga eksport qilmoqdamiz. Aytishim kerak, bu ishlarning negizida “Turonbank” ATB tomonidan ajratilgan mablag‘lar evaziga Xitoy Xalq Respublikasidan xarid qilingan uskunalarning o‘rni bor dedi "Silk Expert processing” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi rahbari Umidjon Ikromov.

Davlatimiz rahbarining “Respublikada ipakchilik tarmog‘ini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham mazkur sohani yana-da takomillashtirishning kompleks yechimlari belgilab berilgan edi. Aynan shu hujjat ijrosini ta’minlashda esa “Turonbank” ATB faol ish olib bormoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlar, shart-sharoitlar xorijlik investorlar, jumladan, asli o‘zbekistonlik bo‘lgan sarmoyadorlarni yurtimizda yangidan-yangi loyihalarni amalga oshirishga undamoqda.