Bugungi tadbirning asosiy mavzusi O‘zR Prezidenti Sh.Mirziyoyevning lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqining mazmun-mohiyati va ahamiyatini, unda belgilab berilgan ustuvor vazifalar haqida bo‘lib, Shavkat Mirziyoyevning mazkur nutqi mazmun-mohiyati va ahamiyati, unda belgilab berilgan ustuvor vazifalar talaba yoshlar, davlat xizmatchilari, olimlar, ekspertlar, keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in o‘rganilmoqda. Davlat rahbari o‘z ma’ruzasida mamlakat hayotining barcha jabhalariga atroflicha to‘xtalib o‘tib, yangi g‘oyalar, innovatsiyalar va yangiliklarni taklif qildi. Sh.Mirziyoyev o‘z nutqida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 7 ta ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Mazkur konseptual hujjatda islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy g‘oya va bosh mezon qilib olindi. Xususan, unda amalga oshiriladigan eng ustuvor vazifalar qilib quyidagilar belgilandi: – erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson qadri-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta’minlash; – adolat va qonun ustuvorligi – xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini ta’minlash; – milliy iqtisodiyotni rivojlantirish; – adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish; – ma’naviy va ma’rifiy sohalarda islohotlarni amalga oshirish; – global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish; – tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish. Mazkur nutqda mamlakat rahbari kelgusi besh yil uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berar ekan, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari eng oliy qadriyat ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Ma’ruzaning e’tiborli jihatlaridan biri shundaki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida birinchi o‘ringa shaxs, inson qadri yuqori o‘ringa qo‘yilib, “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida davlat va jamiyat boshqaruvini tashkil etadi. Bir so‘z bilan aytganda, amaliy natija, inson manfaati, uning qadr-qimmati bosh maqsadga aylangan. Aytish mumkinki, keng ko‘lamli islohotlar jarayoni izchil davom etib, ular sermahsul bo‘lishidan butun xalqimiz manfaatdor. Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda barcha davlat va jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham kamarbasta bo‘lishiga umid qilamiz. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab beradi hamda xalqimizni umumiy maqsadlar yo‘lida birlashtirib turadigan yaxlit ma’naviy asos va mezonga aylanishiga ishonchimiz komil. Tadbir yakunida Xodimlar bilan ishlash departamenti direktori taklif qilingan mehmonga qimmatli vaqtini ayamay bankimizga tashrif buyurgani uchun chuqur minnatdorchiligini bildirib o‘tdi. F.Mixitdinova taklif uchun yana bir bora minnatdorchilik bildirib, barcha xodimlarining kelgusi ishlariga omad va zafarlar tiladi.